Joriy yilning 3 aprel kuni Jizzax davlat pedagogika universiteti axborot-resurs markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 781-sonli qaroriga muvofiq “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
. Haftalikning ochilishida Yoshlar masalalari va ma’naviy –ma’rifiy ishlar bo‘limi, Xotin-qizlar kengashi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi, universitet tasarrufidagi akademik litsey, Mirzacho‘l agrosanoat texnikumi vakillari, fakultetlar professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda keng kitobxonlar jamoasi ishtirok etdi. Tadbirni universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar prorektori F.Akchaev kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda Respublika hukumati tomonidan kutubxona sohasini yanada rivojlantirishga, yoshlarni kitob mutolaasiga ko‘proq jalb qilish va ularda kitobxonlik madaniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor berilayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, axborot-resurs markazi direktori R.Ishnazarova so‘zga chiqib, “Kitobxonlik haftaligi” doirasida turli ijodiy uchrashuvlar, tanlov-viktorinalar tashkil etilishini aytib, mazkur tadbirlarda kitobxonlarni faol ishtirok etishga chaqirdi. Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi viloyat kengashi raisi M.Abdurahmonova “Kitob-kamolot kaliti” mavzusida fikr bildirib, o‘z ijodidan namunalar o‘qib berdi. Shundan so‘ng, Mehnat shuhrati ordeni sohibi, professor F.Axmedshinaning ilmiy-ijodiy faoliyati to‘g‘risida Magistratura bo‘limi boshlig‘i R.Yarmatov so‘z olib: “O‘zining zukkoligi fidoyiligi bilan barkamol avlodni tarbiyalashda alohida o‘ringa ega ayollardan biri tarix fanining bilimdoni, mahoratli pedagog, ziyoli-ma’rifatparvar, millat va davlat ravnaqi yo‘lida bir umr xizmat qilayotgan ustozdir” –deya ta’rifladi.
Shuningdek, tadbirda Musiqa madaniyati fakulteti o‘qituvchilari M.Abilov, N.Haydarovalar rahbarligida talabalar tomonidan tayyorlangan musiqali chiqishlar namoyish etildi. Tadbir so‘ngida ARM xodimlari tomonidan tayyorlangan “Kitob-millatning bebaho madaniy merosi” nomli adabiyotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Mazkur ko‘rgazmani ARM direktor o‘rinbosari M.Bobonazarova qisqacha sharhlab berdi.